Mashxur shaxslar

5042 marta o'qildi
KOLUMB XRISTOFOR

Biz Yer kurrasini Amerika qit’asi hamda Tinch okeanisiz tasavvur qila olmaymiz. Biroq 15-asr oxirlarida ularning mavjudligini Yevropada hech kim xayoliga ham keltirmagan edi.

KOLUMB
XRISTOFOR

(1451 – 1506)

Biz Yer kurrasini Amerika qit’asi hamda Tinch okeanisiz tasavvur qila olmaymiz. Biroq 15-asr oxirlarida ularning mavjudligini Yevropada hech kim xayoliga ham keltirmagan edi. Genuyalik italyan Xristofor Kolumb (uni Ispaniyada Kristoval Kolon deyishardi) Hindiston va Xitoyga dengiz yo‘li orqali borishni maqsad qilib, kemada sharqqa emas, balki noma’lum Atlantika okeanini kesib o‘tib, g‘arbga suzishga qaror qildi. Sayyohning 9-asrda yashagan Ahmad Farg‘oniy asarlaridan olgan ayrim ko‘chirmalar, chizgilardan iborat dastxati hozirgacha Ispaniyadagi Kolumbino kutubxonasida saqlanmoqda. Xorazmlik buyuk olim Abu Rayhon Beruniy Kolumbdan to‘rt yarim asr oldin «Hindiston» asari­da Atlantika okeanining narigi tomonida katta quruqlik bo‘lishi mumkinligini basho­rat qilgan edi. Kolumb g‘arbga suzishdan oldin har ikki vatandoshimizning ilmiy asarlarini chuqur o‘rganganligi haqida dalillar mavjud. 15-asr oxirida Yevropada olimlarning bir qismi Yerning shakli yumaloq degan xulosaga keldilar. Kolumb ham Yerning sharsimonligiga ishonch hosil qilgach, doim g‘arbga tomon suzilsa, Hindistonga yetib borish mumkin deb o‘yladi. Kolumb Ispaniya qirolini o‘zi ishlab chiqqan loyihani amalga oshirishga ko‘ndirdi. Qirol ham afsonaviy Hindiston boyliklarini qo‘lga kiritish orzusida edi.

Kolumbning g‘arbga suzish rejasi o‘sha vaqtda aqlga to‘g‘ri kelmasdi: mavhum okean orqali ojizgina kichik kemalarda su­zish nodonlikdan boshqa narsa emas, deb hisoblanardi.

Nihoyat, Kolumbning uchta yelkanli kemasi – flagman kemasi «Santa-Mariya», «Ninya» va «Pinta» jami 90 kishilik ekipaji bilan 1492-yil 3-avgustda Ispaniya sohilidagi Palos shahridan yo‘lga chiqdi.

Havo yaxshi, passat shamoli bir me’yorda esib turgan paytda kemalar tezda g‘arb tomon suzib ketdi. Har bir kemada bittadan kayuta bo‘lib, u ham bo‘lsa kapi­tanlarga mo‘ljallangandi. Qolgan dengizchilar esa palubaning o‘zida uxlashave­rardi.

Ochiq okean dengizchilarni cho‘chitardi, chunki u cheksiz bo‘lib ko‘rinardi. Ular Kanar orollarini tark qilganlariga 33 kun o‘tgan bo‘lsa ham hamon quruqlikdan darak yo‘q edi. Dengizchilar Sargasso dengizidagi suvo‘tlarini ko‘rganlarida avvaliga uni quruq­lik deb o‘yladilar. Bu ham yevropaliklar uchun kashfiyot edi. Kunlar ketidan kunlar o‘taverdi, tevarak-atrofda esa okeanning suvidan boshqa hech narsa ko‘rinmasdi. Dengizchilar norozilik bildira boshlashdi. Kolumb esa xotirjam ko‘rinishga harakat qilardi. U umidsizlikka tushgan dengizchilar ruhini ko‘tarishga intilar, ularga oltin va dorivorlar va’da qilardi. Biroq dengizchilarning toqati toq bo‘lib, oxiri isyon ko‘tarmoqchi bo‘lishdi, agar uch kundan keyin yer ko‘rinmasa orqaga qaytamiz, deb qat’iy talab qilishdi. Kolumbning bunga ko‘nishdan boshqa iloji qolmadi. Shu muddat oxirlab qolganda, ya’ni 1492-yil 12-oktabr tungi soat ikkida navbatchining orziqib kutilgan «Yer! Yerni ko‘rayapman» degan hayqirig‘i hammani uyg‘otib yubordi. Kemalar odam yashaydigan va qalin o‘rmon bilan qoplangan orolga yaqinlashdilar. U Bagama orollaridan biri edi. Kolumb orolni San-Salvador deb atadi.Yanabir qancha orollar, jumladan Kuba, shuningdek, Gaiti va boshqa orollar kashf qilindi. Gaitini Kolumb Espanola deb nomladi. Shu joyda «Santa-Mariya» kemasi sayozlikka bo­tib qoldi. Kolumb 39 ta dengizchini Espanolada qoldirishga majbur bo‘ldi. Dengizchilar Yevropada bo‘lmaydigan jo‘xori, kartoshka, tamaki kabi o‘simliklarni birinchi marta ko‘rishdi. Hamma yerda ularni xushbichim, baland bo‘yli qizil tanli odamlar kutib oli­shardi. O‘zini Hindistonda deb o‘ylagan Kolumb ularni hind (indeyes)lar deb atadi.

1493-yil yanvar boshlarida kemalar orqaga qaytdi va ko‘p qiyinchiliklar bilan Ispani­yaga yetib keldi. Kolumb Yevropaga bir necha «hind»ni, ozroq oltin va noma’lum o‘simlik urug‘larini olib keldi.

Kolumb yangi, hech kimga ma’lum bo‘lmagan materikni emas, balki Hindistonga boradigan g‘arbiy yo‘lni ochdim, deb o‘ylagandi; faqat umrining oxirlaridagina, Amerikaga uchinchi va to‘rtinchi sayohatida bu qandaydir «boshqa dunyo» ekanini tushuna boshladi. 18-asrda yashagan fransuz geografi Jan Anvil «Kolumbning katta xatosi katta kashfiyotga sabab bo‘ldi» degan edi. Yevropaliklar keyinroq Amerika qit’asini «Yangi Dunyo» deb atadilar.

Kolumb Amerikani yevropaliklarga kashf etganidan keyin ispanlar yangi yerlarni egallay boshladilar, u yerlarda mustahkam o‘rnashib, mahalliy aholini taladilar, asoratga soldilar, qirdilar, madaniyat yodgorliklarini vayron qildilar.

Kolumbning o‘zi ko‘p o‘tmay, qirol saro­yida g‘azabga duchor bo‘lib, o‘lib ketdi.

Lekin tarix hech bir narsani izsiz qoldirmaydi. Endilikda biz Kolumbni ikkita g‘arbiy materikka (keyinchalik ular yagona nom bilan Amerika deb atalgan) muntazam kema qatnovini boshlab bergan botir va ja­sur dengiz sayyohi sifatida qadrlaymiz. Ayni paytda arxeologlar Amerika qit’asiga Kolumb ekspeditsiyasidan bir necha asr avval, ya’ni milod boshlarida xitoy va hindlar borganligini tasdiqlovchi ashyoviy dalillarni topganlar.

 

  Bolalar ensiklopediyasidan.


Orqaga qaytish