Hikoyalar

5326 marta o'qildi
ELLADA

O‘sha kuni Yanguli sut opkeldi. Hovlida unga ko‘zim tushdi-yu... taniyolmay qoldim. Basharasi momataloq bo‘lib ketgan edi.
– Nima bo‘ldi? – deb so‘radim ajablanib.

ELLADA
(Hikoya)
O‘sha kuni Yanguli sut opkeldi. Hovlida unga ko‘zim tushdi-yu... taniyolmay qoldim. Basharasi momataloq bo‘lib ketgan edi.
– Nima bo‘ldi? – deb so‘radim ajablanib.
Aql bovar qilmasdi – bu atrofda Yanguliga kim qo‘l ko‘tarishi mumkin?! Yoki birorta kattaroq yoshdagi odamning ishimikan bu?
– Hech narsa! – dedi u chetga qarab.
– Yanguli, kim urdi? Agar kuching yetmagan bo‘lsa, birga boramiz!
Yanguli bosh chayqadi.
– Keragi yo‘q, unga baribir kuchimiz yetmaydi! – dedi u siniq kulimsirab.
– Nega yetmas ekan?! Ikkalamizniyam-a?
– Ikkalamizniyam, butun Venetsian ko‘chasiniyam...
– Kim ekan u mushtumzo‘r?
– Otam!
– Otang?
– Otam.
– Nima gunoh qiluvding? – deya uning shishib ketgan chakkasiga avaylab qo‘limni tekkizdim.
– Uch kundan keyin Suxumiga Gretsiyadan paroxod keladi. Bu yerlik greklar Elladaga qaytishyapti. Otam ham...
– Xo‘sh, nima qipti?
– Ketmoqchi emasman... Otamning gapiga qaraganda, bizning vatanimiz, ona tuprog‘imiz o‘sha yerda... Bizni ajdodlar ruhi chaqirayotganmish, bu nidoga quloq solish shart emish...
– Nega birga ketmoqchimassan? – deb so‘radim astoydil taajjublanib.
Yangulidan ancha vaqtgacha sado chiqmadi. Nuqul eshagining qulog‘ini silardi. Silab turganida quloq kaftiga yotar, ammo qo‘yib yubordi deguncha, xuddi suhbatimizni eshitolmay qolganday, darrov yana dikkayib olar edi.
– Qandoq tushuntirsamikin.., – deb gap boshladi u nihoyat. – Onam yo‘q,
hatto eslolmayman ham. Otam uzzukun tomorqada yoki tirikchilik tashvishida... Men ko‘chada katta bo‘ldim... Mening vatanim, mening Elladam bu – Suxumi, ko‘cha, Chalbash; bu – Koka, Petya, Kurlika, Fema, Qora dengiz, ko‘prik... – U bir yutinib olib, davom etdi: – Bu – Mida... qolaversa, sen...
Midaning ismini mening oldimda Yanguli birinchi marta tilga olayotgan edi. Ammo men Mida – bir abxaz kishiga turmushga chiqqan grek ayolining qizi ekanini, Suxumida undan go‘zal qiz yo‘qligini, Yanguli uni yaxshi ko‘rishini bilardim.
– Tushundingmi endi?
A’zoi badanim jimirlashib ketdi. Bunaqa so‘zlarni umrimda birinchi marta eshitayotgan edim.
– Bu nima bo‘lmasa? – Men Yangulining ko‘kragini ochib, baland ovozda o‘qidim: – Hellados.
– Bu – naqsh, Jamol. Vatan – ichkariroqda, naqd yurakning o‘zida! – Yanguli qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi.
O‘pkam to‘lib, tomog‘imga achchiq bir narsa qadaldi, unga yana bir nimalar demoqchi edim-u, ammo Yanguli eshagini no‘xtasidan yetaklab, hovlidan chiqib ketdi.

Rus tilidan Nizom KOMILOV tarjimasi

"G`uncha" jurnalidan olindi


Orqaga qaytish