Mustaqillik madhi bolalar ijodida

Umirzoqning hikoyalar to'plami

Uddaburon qizcha

    Yakshanba kuni. Bozorga dori olish uchun bordim. Dori olish uchun navbat kutib turgan odamlarning safiga qo‘shildim. Nigohim  bozorga kirib kelayotgan bir qizchaga tushdi. Onasi bilan uning qo‘lida o‘riklar bilan liq to‘la chelaklar bor edi. Yirik-yirik va ko‘rinishidan juda totli bo‘lgan o‘riklar bilan liq to‘la chelaklarning bizga tanish egalari shundoqqina darvozaning yonidan joy olishdi. Bugun aksiga olib kun issiq edi. Qizchaning egnida uzun ko‘k ko‘ylak va oyog‘ida esa tosh kalish. O‘zini doimo rost tutishi uchunmi bilmadim, belini ham ko‘k lenta bilan bog‘lab olgan. Onasining boshida esa zarrin ro‘mol, egnida rangdor atlas ko‘ylak, oyog‘ida esa qizinikiga o‘xshash kalish. Kunning issiqligidan ona va bola jiqqa terga botishgan edi. Ko‘nglim achishdi. Ayniqsa, qizchaning egnidagi ko‘ylak qalin bo‘lib, achinarli holga kelgan edi. Lekin qizcha men o‘ylaganchalik omi emas ekan. Xuddi dilimdagilarni uqib olgandek, o‘riklar bilan liq to‘la chelaklarning birining ustidagi lattani oldi va beliga aylantirib bog‘lab oldi. Shundan so‘ng u xaridorlar bilan muomalaga kirishib ketdi. Jajji qo‘llari bilan pullarni yirik-maydaga almashtirib bera boshladi. Uddaburon qizcha onasidan ham oldin o‘riklarni sotib bo‘ldi va bozordan onasi uchun go‘shtli non va o‘zi uchun muzqaymoq sotib olib keldi. So‘ngra chelaklardan birini to‘nkarib qo‘yib, uning ustiga o‘tirib, muzqaymog‘ini huzurlanib yedi. Dorilarni olib bo‘lib, avtobusimga chiqdim va so‘nggi bor bozor tomonga qarab oldim. Bozordan ona va bola xushchaqchaqlik bilan chiqib kelishayotgan edi.

Yomon odat

     Nargizaning oilasi kattagina. Uning oila a’zolari: onasi Halima opa, dadasi Nurillo aka, buvisi Karomat xola va ukasi Sobirjonlardan tashkil topgan. Nargizaning yoshi sakkizda. Hozirda mahallasidagi maktabning 2-sinf o‘quvchisi. U tengdoshlaridan ilmga chanqoq va odobliligi bilan ajralib turadi. Lekin uning ham ozroq dangasalik, qizg‘anchilik va erkalik kabi salbiy odatlari bor. Bir kuni Halima opa bozordan bolalariga koptok sotib olib kelib berdi. Nargiza va Sobirjonlarning sevinchlari ichlariga sig‘mas edi. Ayniqsa, bu Sobirjon uchun yaxshi bo‘ldi, chunki uni, koptogi bor katta bolalar, kichkinaligini bahona qilib, o‘yinlariga qo‘shmas edilar. Sobirjon o‘sha zahoti koptokni qo‘ltiqlab ko‘chaga otlandi. U yerda uni qumdan kichik-kichik shaharchalar barpo etishayotgan o‘rtoqlari kutib o‘tirishar edi. Sobirjonning qo‘lidagi rang-barang koptokni ko‘rgan o‘rtoqlari uni o‘rab olishdi va unga havas bilan boqishdi. Sobirjon hozirda sevinchi ichiga sig‘may suyunar, o‘rtoqlari oldida ko‘kragini kerib turar edi. Lekin uning bu xursandchiligi uzoqqa yetmadi, sababi opasi Nargiza keldi-da, qo‘lidan koptokni yulqib olib ketib qoldi. Sobirjonning yuzi o‘rtoqlari oldida shuvut bo‘ldi. Nargiza uylariga kirib keldi va o‘zini ancha yengil his etib, koptokni qayerga yashirishi mumkinligi to‘g‘risida o‘ylay boshladi. U ko‘plab    joylarni o‘ylab ko‘rdi, ammo o‘sha zahoti bu fikrlaridan qaytdi, chunki xayolida o‘jar va erka ukasi Sobirjon koptokni yashirgan joyidan topib olayotganday bo‘laverdi. Oxir-oqibat koptokni oxirini o‘ylamay, chiqindi hamda xazonlar tashlanadigan kattakon yashikning ichidagi axlatlar orasiga yashirib qo‘ydi. So‘ngra o‘z ishidan xursand bo‘lib, horib-charchab, joyiga ko‘ngli hotirjam bo‘lib yotdi. Ertalab o‘rnidan kech turdi va koptokni qidira boshladi. Ammo u koptokni qayerga yashirganligini eslay olmadi va ko‘plab joylarni axtarib ko‘rdi. Vanihoyat koptokni qayerga yashirganligi esiga tushdi va tezlik bilan yashikning oldiga kelib engashib qaradi. Yashikning ichi bo‘m-bo‘sh ekanligini ko‘rib hayratdan qotib qoldi. Halima opa sahardan turib non uchun xamir qorib qo‘ygan edi. Hozirda  tandirning oldida kuymalanib va olovning balandligidan ikki yuzi lo‘ppi-lo‘ppi bo‘lib qizarib non yopmoqda. Nargiza hayrat og‘ushida onasidan so‘radi:

 - Oyi, yashikning ichidagilar qani?

Halima opa:

 -Saharda maxsus transport mashina har galgidek kelgandi, tashlab yubordim,- deb javob berdi. Nargiza oxirini o‘ylamay qilgan ishidan afsuslandi.

  Xulosa: Qizg‘anchiqlik yomon odat,

                Keltiradi falokat.                            

Qilmishidan uyaldi

             Anvar va Komil qalin do‘st. Oralaridan hattoki qil ham o‘tmaydi. Doimo birga dars qilishadi, biror-bir joyga borishsa, bir-birlarini taklif qilishadi, hattoki maktabda ham birga o‘tirishadi. Tengdoshlari va o‘qituvchilari ularga havas ko‘zi bilan qarashadi, ularni boshqa o‘quvchilarga namuna sifatida ko‘rsatishadi. Bir kuni Anvar do‘sti Komilnikiga har galgidek dars tayyorlagani borayotgan edi. Tush vaqti. Jazirama. Yo‘lda Anvar qo‘lida og‘ir tugunlar ko‘tarib ketayotgan bir kampirga duch keldi. Anvar kampirni ko‘rib xomush tortdi, chunki uning na og‘ir yuk ko‘targisi, na jaziramada jiqqa terga botib kampirning ketidan ketgisi kelmadi. Shu sababli Anvar tez-tez yurib kampirdan o‘zib ketdi va tezlik bilan do‘sti Komillarning ko‘chasi tomonga burildi. Vanihoyat do‘stining uyiga yetib keldi va qo‘ng‘irog‘ni chalib, do‘stini chaqirdi. Komil uyidan chiqdi va do‘sti bilan so‘rasha ketdi. Anvar unga:- birgalikda dars tayyorlagani keldim- dedi. Shu vaqt Anvar yo‘lda uchratgan kampir ham shu yerga kela boshladi. Komil tezlik bilan kampirning qo‘lidan og‘ir tugunlarni oldi va kampirga salom berib: -ovora bo‘lib nima qilar edingiz,- dedi. Anvar shoshganligidan e’tibor bermagan ekan, kampir Komilning buvisi Salima xola ekan. Salima xola, o‘g‘li Jamshid aka va kelini Nasiba opalar ishda hamda nevarasi Komilning maktabda bo‘lganliklari sababli o‘zi bozorga borgan va ro‘zg‘or uchun ul-bul xarid qilib kelgan edi. Ishi yo‘qning so‘zi yo‘q deganlaridek, Anvar boyadan buyon jim turar, uning yuziga qizillik yugurgan va hayratda qolgan edi. Qisqacha aytganda, Anvar qilgan ishidan uyaldi.

  Xulosa: So‘nggi pushaymon o‘zingga dushman.   

Tilak

     Tush vaqti. Ochil bobo machitda namoz o‘qib kelayotgan edi. Yo‘lda unga bir nechta beodob bolalar duch keldi. Ochil boboning hammaga tanish odati bor. Biror-bir narsadan ko‘ngli to‘lmasa, o‘sha narsani hech qachon chala qoldirmaydi. Hozir ham fe‘l-atvori tanish bolalarga tanbehlar berib, jo‘natib yubordi. Bolalarni jo‘natib yuborgandan so‘ng, Ochil bobo bir qiziq voqeaning ustidan chiqib qoldi. Sochlarini kalta qilib qirqib va bo‘yab olgan, egniga kalta kofta, ko‘rinishidan na o‘g‘il bolalarnikiga, na qiz bolalarnikiga o‘xshamaydigan tor jinsi hamda oyog‘iga sira yarashmagan katta poshnali tufli kiyib, yuziga turli xil narsalar surtib olgan bir qiz Ochil bobodan sal oldinroqda ketar edi. Shu vaqt qayoqdandir bir zo‘ravon bola paydo bo‘ldi va qizning qo‘lidagi o‘ynoqlab olib ketayotgan sumkachasini yulqib olib qochib ketdi. Qiz bo‘lsa hayrat va dahshat ichida qolib: - Ushlanglar, o‘g‘rini ushlanglar!,- deyishdan nariga o‘ta olmasdi. Hayriyatki, yo‘lning narigi tomonidan Ochil boboning hamqishlog‘i askar Tursunboy kelayotgan ekan. U tezlik bilan yugurib o‘g‘riga yetib oldi va uning oyog‘idan chalib yiqitdi. O‘g‘ri tang ahvolda qoldi. Militsioner keldi-da sumkani egasiga qaytarib berdi va o‘g‘rini olib ketdi. Tursunboy Ochil bobo bilan salomlashib, undan hol-ahvol so‘radi. Ular birgalikda uylariga qaytib kela boshlashdi. Yo‘lda Tursunboy Ochil boboga harbiy xizmatni a’lo darajada yakunlab kelganligini gapirib berdi. So‘ngra Tursunboy Ochil bobo bilan xayrlashib, uyiga kirib ketdi. Ochil bobo bo‘lib o‘tgan voqealarni birma-bir esladi va nevarasi Hoshimjonni Tursunboy kabi mard va ziyrak askar o‘g‘lon qilib voyaga yetkazishni diliga tugib qo‘ydi.

ADOVAT

      Maktabda. O‘qituvchilar majlisi bo‘lib o‘tganidan so‘ng, darslar uchun qo‘ng‘iroq chalindi. Kichik tanaffus uchun berilgan 5 daqiqalik vaqt davomida o‘quvchilar gaplashib o‘tirishgan edi. Ammo ularga shu sinfning bir o‘quvchisi hech ham qo‘shilmas edi. 1-soatga kirgan o‘qituvchining uy ishi deb aytib ketgan mashqlari yoki mavzularini keyingi darsning boshlangunicha tayyorlab qo‘yardi. Ko‘plab o‘quvchilar uning shu kabi odatlaridan kulishardi.-“Senga bularning nima keragi bor, undan ko‘ra bizga qo‘shilmaysanmi?”-deya doimo so‘rashar va undan rad javobini olishar edi. Qo‘ng‘iroq chalinganiga hech qancha vaqt bo‘lmay, to‘polonni avjiga chiqarayotgan bu sinfga tarix fani o‘qituvchisi Marhabo opa kirib keldi. Barcha o‘quvchilar o‘rinlaridan turib, o‘qituvchiga salom berishdi. Marhabo opa o‘quvchilar bilan salomlashdi va ularga joylariga o‘tirishga ruxsat berdi. O‘quvchilar joylariga o‘tirishdi, Marhabo opa ham joyiga o‘tirdi va kim bor, kim yo‘qligini sinf sardoridan so‘rab, jurnalni to‘ldira boshladi. Shundan so‘ng o‘quvchilardan:-o‘tgan galgi uyga vazifa nima edi?- deb so‘radi. O‘quvchilardan Davron o‘rnidan turdi-da o‘tgan galgi uyga vazifani aytdi. Marhabo opa Davronga:-yaxshi, uyga vazifaga tayyormisan?- deb so‘radi. Davronning tayyor emasman ustoz deganidan so‘ng, o‘qituvchi undan nega tayyor emasligini so‘radi. “Tezroq o‘qib tayyorlan” - deb joyiga o‘tirg‘izdi. Yana 1,2 ta o‘quvchining darsga tayyor emasligini bilib:-“o‘zi kim tayyor?”- deb so‘radi. Hamma o‘quvchilar Odilga qarab qolishdi. Odil esa sekingina qo‘lini ko‘tardi. Boya, Marhabo opa darsga kim tayyorligini so‘raganida, Odil qo‘l ko‘targan edi, ammo uning bahosi ko‘pligidan uni doskaga chiqarmagan edi. O‘qituvchi bu gal majbur bo‘ldi va uni doskaga chiqardi. Odil berilgan mavzuni gapirib berdi. Shundan so‘ng o‘qituvchi va o‘quvchilar unga bir nechta savollar berishdi. Marhabo opa Odilning jurnaldagi beshlari yoniga yangi mehmonni qoralab qo‘ydi va unga joyiga o‘tirishiga ruxsat berdi. Odilning doskaga chiqib, mavzuni gapirib bergunicha, boshida o‘rnidan turg‘azilib, uyga vazifaga tayyor emasligi uchun dakki eshitgan o‘quvchilar oz-moz bo‘lsada tayyorlanib oldilar va ketma-ket doskaga chiqib, o‘qituvchining savollariga javob berdilar, so‘ngra hammalari joy-joylariga o‘tirdilar. So‘ngra Marhabo opa yangi mavzuni tushuntirib berdi va o‘quvchilarga uyga vazifa berdi. Shu dam qo‘ng‘irog‘ning jarangdor ovozi eshitildi. Tanaffus vaqtida bolalar Odilga rahmat aytishdi va yana bir-birlari bilan gaplasha boshlashdi. Shu vaqt Sardor qaysidir kafe haqida gapira boshladi. Har galgi ishi bilan mashg‘ul bo‘lgan Odil sekingina boshini kitobdan ko‘tardi va Sardordan u qaysi kafe ekanligini so‘radi. Sardorga aynan shu narsa kerak bo‘lgan edi, chunki u yaxshi o‘qimaganligidan, unga o‘qituvchi va ota-onalari hamda, hattoki, maktab direktori ham tanbeh berar, namuna sifatida esa har gal Odilni ko‘rsatib, maqtashar edi. U bu imkoniyatdan tezda foydalanmoqchi bo‘ldi va gapni ilib ketdi. Sardor Odilga:-“Shuni ham bilmaysanmi, axir u yer juda mashhur-ku!”- dedi. Gap nimada ekanligini fahmlagan Odil esa beparvogina Sardorga qaradi: “Menimcha, qayoqdagi bo‘lmag‘ur kafe yoki barlarni bilmaslik emas, tilimizga asos solgan bobokalonimizning “Xamsa” dostonlarini bilmaslik uyatdir”- dedi. “Bu gal g‘alaba albatta men tomonda bo‘ladi” deb o‘ylagan Sardorning umidi puchga chiqdi. U Odilning so‘zlaridan uyalib qizarindi va undan hammaning oldida kechirim so‘radi, chunki Odilning gaplari chindan ham rost edi-da.

Mehnat mehnatning tagi rohat

      Tush vaqti. Maktabdan haliyam bolalarning sho‘x-shodon va qo‘ng‘iroq ovozlari eshitilib turibdi. Ovqatlanib bo‘lganlaridan so‘ng yuqori sinf o‘quvchilarining ba’zilari, ko‘p marotaba mumkin emas deyishlariga qaramay olib kelishgan koptoklari bilan boshqa sinf o‘quvchilari bilan futbol, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari esa katta maydondan yuqori sinf o‘quvchilari tomonidan chiqarib yuborishganliklaridan so‘ng, ba’zilari arqon tortish, qolganlari esa kim o‘zar o‘ynash bilan mashg‘ul. Dars tugadi. Yo‘lda Sobir, Bobur, Qodir va Davronlar bo‘lib o‘tgan futbol to‘g‘risida gaplashib oldinda borishar, orqada esa Nilufar, Sevara, Feruza va Barnolar ertangi, qizlar ko‘rik-tanlovi haqida suhbatlashib ketishar edi. Oxir-oqibat qizlar kechga yaqin Barnolarnikida to’planib ertangi ko‘rik-tanlovga tayyorlanishmoqchi, bolalar esa kiyimlarini almashtirib, ovqatlanib bo‘lganlaridan so‘ng, to‘planib futbol o‘ynashmoqchi bo‘lishdi. Hamma uy-uyiga tarqaldi. Buni qarangki, kechga yaqin Boburlarning uyiga amakisi Avaz aka kelib qoldi. Bobur bir tomondan suyunar, ikkinchi tomondan esa xomush tortardi. Suyunishiga sabab, anchadan beri kelmagan amakisi kelgani bo‘lsa, xomushlanishiga esa, o‘rtoqlari bilan kelishib qo‘ygan o‘yiniga endi chiqishining iloji yo‘q edi. Shu vaqt Boburning o‘rtoqlari birin-ketin salom berib kirib kelishdi. O‘rtoqlari Boburni ancha vaqt kutishgan, kelavermaganidan so‘ng o‘zlari kelishgan edi. Ular nima voqea sodir bo‘lganligini darrov payqashdi va o‘yinlari haqida umuman so‘z ochmay o‘tirishdi. Avaz aka bolalarni Boburni chaqirish uchun kelganliklarini fahmladi va ularning o‘qishlari haqida so‘radi. Avaz aka bu yerga, Boburjonni hasharga aytib ketish uchun kelgan ekan. Boburning esa sevinchi ichiga sig‘mas edi. U yakkalanib qolishni istamadi, amakisidan:- “o‘rtoqlarim ham borishsa bo‘ladimi?”- deb so‘radi. Avaz aka rozi bo‘ldi. Ertangi kun maktab bo‘lganligi uchun Avaz aka bolalarni maktabdan so‘ng olib ketadigan bo‘ldi. Hammalari uxlashga yotishdi. Tong yorisha boshladi. Bolalar asta-sekin maktabga keta boshlashdi. Bobur va uning o‘rtoqlari darslarning tezroq tugashini xohlashar edi. Vanihoyat darslar tugadi. Bolalar maktabdan chiqishsa, Avaz aka allaqachon kelib bo‘lib ularni kutayotgan ekan. Mashinaga Bobur, Sobir, Qodir, Davron, Nilufar hamda Sevaralar chiqishdi. Yo‘lga tushishdi. Uylaridan ancha olisga borishdi. Atrof biyday dala. Mashinadan tushishdi. Bobur amakisining dalasi borligini, ammo uning shu qadar katta ekanligini bilmas edi. Buni ko‘rib hayratda qoldi. Dala o‘rtasida kimdir g‘ayrat bilan ishlamoqda edi. U Avaz akaning o‘g‘li Jamshid edi. Jamshid hamma bilan so‘rashib chiqib:- “ayni vaqtida keldinglar”,- dedi. Shundan so‘ng hammalari ishga tushib ketishdi. Bolalar ko‘tara olganlaricha qo‘llariga tarvuz olib mashinaga ortishar, qizlar esa qamishlardan yasalgan kapa ichi va atrofini supurib, saranjom-sarishta qilishardi. Bolalar hech ham charchoq bilmay ishlarni tezda tamomlashdi. Avaz aka juda xursand bo‘ldi. Ular shirin-shakar tarvuzlar bilan tanovul qilishdi. Kechga yaqin Avaz aka bolalarni o‘z uylariga olib borib qo‘ydi va ularga rahmat aytib, hammalariga tarvuz ulashdi. Bolalar Avaz akaga rahmat aytib, uylariga xushchaqchaq holda qaytishdi.                                                 

Hikmatlar bo‘stoni

1. Ilmni mehnatsiz egallab bo‘lmas. 2. Mehnatning tagi rohat. 3. Iste’dodli odamga-dag‘allik, qobiliyatsizga-mansab yarashmaydi. 4. Jahonda bor narsa aqlga, aql esa tajribaga muhtojdir. 5. Og‘ir kunlarda yoningda turgan odamgina in’omga sazovordir. 6. Har qanday narsada isrofgarchilik bor, ammo yaxshilikda isrof bo‘lmaydi. 7. O‘zini adovatdan ehtiyot qila olgan, shon-u shavkatga yetaman deb, raqibini kamsitmagan odamgina dono hisoblanadi. 8. Qo‘lingni shilqimlikdan tort! Boshqalarning moliga ko‘z tikma! Birovlarning halovatini buzma! Bu tinchligingga garov!. 9. Qanoat mevasi-rohat, kamtarlik mevasi-muhabbat. 10. Yaxshilik qilgan odamning pushaymonligi kam bo‘ladi. 11. Baxil yaxshilikni yomon ko‘radi, yomonlikka qarsak uradi. 12. Diyonatli do‘sting nafsi o‘lik bo‘ladi, chunki hamsafari xususida ko‘proq qayg‘uradi. 13. Hamsuhbatni, garchi u yuz yeriga yamoq tushgan chopon kiygan bo‘lsa ham, o‘zingga teng bil. 14. Ilm-yuksak tog‘, unga chiqish qiyin, nodonlik-chuqur choh, chiqish qiyin. 15. Yaxshilik qilmasang, yomonlik ham qilma. 16. Yaxshilik istasang, yaxshilarga qo‘shil. 17. Tiling bilan dilingni bir tut. 18. Befoyda so‘zni ko‘p aytma, foydali so‘zni eshitishdan qaytma. 19. Kishining eng muhim burchlaridan biri-ota-onaning hurmati. 20. Maqtanchoq-bekorchiga o‘yinchoq. 21. Bilim-baxt belgisi. 22. Bilsang ayt, bilmasang qayt. 23. Oz so‘zla, ko‘p tingla. 24. Hurmat qilsang, hurmat ko‘rasan. 25. Otangga qilganingni o‘g‘lingdan, onangga qilganingni qizingdan ko‘rasan.           

Kasblar ko‘pdir dunyoda, keragini tanlab ol!

   Maktabda. Uchinchi soatdan so‘ng barcha 9-sinf o‘quvchilariga majlis bo‘lishi aytilgan. Vaqt bo‘lishi bilan o‘quvchilar o‘z joylarini egallashdi. Xonaga maktab direktori Saida opa va 9-sinf o‘quvchilarining sinf rahbarlari kelishdi. O‘quvchilar o‘rinlaridan turishib ularga salom berishdi. Saida opa va o‘qituvchilar o‘quvchilar bilan salomlashishdi va o‘tirishlariga ruxsat berishdi. Bolalar joylariga o‘tirishdi. Saida opa yaqinda bo‘lib o‘tgan fan olimpiadalarining yakunlari haqida axborot berib o‘tdi va pirovardida: “Kelajakda kim  qaysi kasb egasi bo‘lmoqchi?”, - deb so‘radi. Ta’lim olmoqchi bo‘lgan joyini va kelajakda qaysi kasb egasi bo‘lmoqchi ekanligini aniq bilgan o‘quvchilar birin-ketin bu savolga javob bera boshlashdi. Ammo orqaroqda o‘tirgan Sarvar va yana bir necha bolalar hali ham ikkilanishayotgan edi. Saida opa bolalarga bir to‘xtamga kelib olishlari uchun vaqt berdi. Yaqin o‘rtog‘i Sarvarning ikkilanganligidan javob bera olmaganligini ko‘rgan Botir xafa bo‘ldi, chunki u Sarvar bilan maktabni tamomlaganliklaridan so‘ng ham birgalikda o‘qimoqchi edi. “Axir qaysi kasb ko‘proq yoqadi”,- deb Sarvardan so‘radi Botir. “Bilmadim, hammasi ham yoqadi”,- dedi Sarvar. “Kel, unday bo‘ladigan bo‘lsa, kasblarni birma-bir ko‘zdan kechiramiz, qaysi biri ko‘nglingga ko‘proq yoqsa, aytasan”,- dedi Botir. Darsdan so‘ng ikki o‘rtoq Sarvarga  kasb tanlash uchun yo‘lga tushishdi. Birinchi bo‘lib ular maktabning oshpazlariga duch kelishdi. Botir Sarvardan: “Xo‘sh, bu kasbga nima deysan?”,- deb so‘radi. Sarvar odamlarga shirin-shakar taomlar tayyorlab beruvchi oshpaz bo‘lay ham dedi-yu, ammo yuragining allaqayeridir bu orzuni rad etdi. Ular yo‘llarida davom etishdi. Bu gal ular maftunkor soch turmaklari yaratuvchi sartaroshga yo‘liqishdi. Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devning o‘limi” nomli asarining bosh qahramoni Hoshimjon ham boshida shu kasbni astoydil egallab, so‘ngra juda qiziq voqealarni boshidan o‘tkazganligini qunt bilan o‘qigan, odamlarning husniga husn qo‘shishdan iborat bu kasbga oldindan mehri kuchli bo‘lgan bo‘lsa ham, lekin bu kasbni ham oldingisiga o‘xshab nima uchundir tezlik bilan rad etdi. Ular yo‘lga tushishdi. Botir Sarvarga: “Yo‘l-yo‘lakay Hayvonot bog‘iga kirib o‘taylik”,- dedi. Sarvar rozi bo‘ldi. Ular Hayvonot bog‘i tomonga burilishdi. Hayvonot bog‘ining naqshinkor darvozasidan o‘tganlaridan so‘ng, hayvonot olamiga sayohat qilishdi. Kamida 100 turdan ortiq hayvonlarni ko‘rishdi. Uzunquloq quyonlar-u, bahaybat ayiqlar, beozor tog‘ echkilari-yu, yirtqich bo‘ri-tulkilar, go‘zallikda oyni ham xira qilguvchi tustovuqlar-u, sayroqi kakkular xullas hayvonot olamidagi deyarli barcha jonivorlar va qushlar shu hayvonot bog‘ida jamul-jam edi. Ular qo‘rqinchli va haybatli sherni ovqatlantirayotgan odamni ko‘rishdi. Sarvar, hayvonlar bilan liq to‘la bu hayvonot bog‘iga, hayvonlarni ovqatlantirib, parvarishlovchisi bo‘lib ishga kirmoqchi ham bo‘lsa-da, bu fikridan tezda qaytdi. Afsuski do‘stlar juda ko‘p joylarga borib deyarli barcha kasblarni birma-bir ko‘zdan kechirishgan bo‘lishsa-da, qolganlariga qaraganda ko‘proq yoqgan kasb ularga duch kelmadi. Nihoyat ular uylariga qaytishdi va Sarvar Botirga rahmat aytib u bilan xayrlashdi. Ertangi kun  Sarvarning darslari kamroq bo‘lganligi tufayli dadasi Karim aka uni olib bozorga bormoqchi va unga yangi poyabzal olib bermoqchi bo‘ldi. Sarvarning dadasi Karim aka iqtisod fani o‘qituvchisi edi.  Sarvar, darslari tugaganidan so‘ng dadasi Karim aka   ishlaydigan maktabga bordi. Shu kuni Karim akaning darslari ko‘proq bo‘lganligi uchun Sarvar dadasini kutib o‘tirdi. Sarvar dadasini diqqat bilan kuzatdi, u xonaga kirib kelishi bilan o‘zi tengi barcha bolalar o‘rinlaridan turib salom berishdi. Karim aka bolalar bilan salomlashdi va ularga o‘tirishga ruxsat berdi. Dastlab Karim aka sinf jurnalini to‘ldirdi va o‘quvchilarga: “Qani, uyga vazifalaringni ko‘rsatinglarchi”,- dedi. Bolalar daftarlarini ochib qo‘yishdi. Karim aka ko‘zdan kechirib chiqa boshladi. Ba’zi bir bolalar uyga vazifani bajarib kelishmaganliklari uchun Karim aka ularga o‘tgan darsni qaytadan tushuntirib berdi, so‘ngra yangi darsni boshladi. Birozdan so‘ng qo‘ng‘iroq chalindi, yangi dars boshlandi. Karim akaning kuyib, pishib dars tushuntirayotganligini ko‘rib Sarvar dadasiga achinib ketdi. Qani endi dadasiga o‘xshab zo‘r bilsa-yu, dadasini o‘tiqazib qo‘yib, o‘zi darsni tushuntirib bersa. Vanihoyat dadasining ishi tugadi. Ular bozor aylanib Sarvar uchun yangi poyabzal va uy uchun ul-bul xarid qilishdi. Endilikda Sarvar kelajakda qaysi kasbni egallashini bilib oldi, u dadasiga o‘xshab o‘qituvchi bo‘lmoqchi. Bolalarni o‘qitib, savodini chiqarib, vatan uchun yetuk kadrlar tayyorlab beruvchi kasbni egallamoqchiligiga endi u aniq ishonch hosil qildi. Ertangi majlisda Sarvar va u kabi ikilangan bir nechta bolalar aniq bir to‘xtamga kelganliklarini va egallamoqchi bo‘lgan  kasblarini aytishdi. Saida opa, sinf rahbarlari va boshqa o‘qituvchilar ularning tanlagan kasblarini eshitib, ulardan mamnun bo‘lishdi va ularga oq yo‘l tilashdi. Sarvar egallamoqchi bo‘lgan kasbini aytganida Karim aka juda xursand bo‘ldi. Endilikda u kelajakda tahsil olmoqchi bo‘lgan litseyiga kirish uchun astoydil bel bog‘ladi.              

Kalandimog‘

    Bobur yoshligidan beri sportning boks turiga qatnashadi. Kelajakda u jahon chempioni bo‘lmoqchi. Murabbiyi Jamshid aka bilan doimo darsdan so‘ng shug‘ullanishadi. Bu yili o‘qishlarini tamomladi. Shu choqqacha maktab, litsey va klublar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan musobaqalarning mutloq g‘olibi. Jamshid aka Bobur bilan faxrlanadi va unga doimo foydali maslahatlar beradi.  Bobur va Jamshid akaning orzulari tomon ilk qadam tashlandi,  Bobur respublika bosqichida faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Endilikda ular bundanda yuksak cho‘qqilarning kaliti bo‘lmish jahon chempionatlarida ham zafarlar qozonishmoqchi. Albatta buning uchun metin iroda va halol mehnat zarur. Vanihoyat Bobur jahon chempionatida qatnashdi va ketma-ket g‘alabalarga erishdi. Uning shijoati va kuchini ko‘rgan mag‘lub klub murabbiysi Qodir aka  Bobur bilan qiziqsinab qoldi. U Boburga hamkorlikni taklif etdi, ammo uning asl niyati Boburni o‘z tomoniga og‘dirib olish, so‘ngra murabbiy Jamshid akani chetlashtirish edi. Bobur, avvalo, murabbiysidan maslahat so‘radi. Boburning rayini qaytarmaslik uchun Jamshid aka rozi bo‘ldi. Bobur Qodir akaga: “Biz rozimiz”,- dedi. Qodir aka xursand bo‘ldi. Tez orada ular o‘rtasida shartnoma imzolandi. Keyingi musobaqalarga Bobur tirishqoqlik bilan tayyorlandi. Uning deyarli har kuni sport zalda o‘tdi. Bobur birin-ketin yangi g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. Bu yutuqlar har ikki tomonni ham quvontirar edi, ammo keyingi vaqtlarda Bobur ko‘p ishlarni Jamshid aka bilan maslahatlashmay qo‘ydi,  endilikda u faqatgina uni ko‘pdan buyon turli xil sovg‘alar bilan siylovchi Qodir aka bilan bamaslahat ish ko‘rardi. Jamshid aka bu narsalarni o‘tkinchi deb ko‘z yuma boshladi, lekin bu kechirimlarning soni kun sayin orta boshladi. Bobur katta zafarlar qozona boshladi, shundan so‘ng u nafaqat raqiblarini, hattoki murabbiyyi Jamshid akani ham mensimay qo’ydi. Oxir-oqibat  Jamshid aka Boburga: “O‘g‘lim, vaqt borida esingni yig‘ib ol, keyin kech bo‘ladi.  Esingdami, bundan bir necha oy oldin Qodir akaning klubining bokschisi bilan ringga tushganding va g‘alaba qozonganding? U bokschi nega ko‘rinmay qolganligini bilasanmi? Senga mag‘lub bo‘lganligi uchun Qodir aka undan voz kechdi. Xudo ko‘rsatmasinku-ya sen ham kimgadir mag‘lub bo‘lsang, sening boshingga o‘sha bokschining kuni tushadi”,- dedi. Bobur bu gaplarning barini Jamshid aka mendan ajralib qolmasliklari uchun to‘qib chiqardilar deb o‘yladi, afsuski unday emasdi. Jamshid akaning barcha gaplari rost edi, u Boburni Qodir akaning qo‘lida o‘yinchoq bo’lib qolmasligi uchun bu gaplarni aytishga majbur bo‘lgandi.  Jamshid aka faqatgina Boburning porloq kelajagini istardi, lekin Bobur bu gaplarni qulog’iga ilmadi.  Bobur Qodir akaning ko‘plab sovg‘alari va siylovlari tufayli unga tobora bog‘lanib qoldi.  Keyingi g‘alabalaridan so‘ng Boburdan televizorda ko‘rsatish va radioda eshittirish uchun intervyular olishdi. Bobur intervyularida: “Zafarlarga erishishimda Qodir aka katta qo‘ldosh bo‘ldilar”,- deya e’tirof eta boshladi.  Boburning yoshligidan boksga bo‘lgan qiziqishini amaliy mashqlar bilan boyitgan asl murabbiyi Jamshid aka Boburni televizorda ko‘p marotaba ko‘rdi, lekin u Boburning: “Zafarlarga erishishimda Qodir aka katta qo‘ldosh bo‘ldilar”,- deb intervyu berganligidan umuman xafa bo‘lmadi. Jamshid aka faqatgina Boburning katta  zafarlarni qo‘lga kiritishini istardi. Tez orada Bobur raqiblari va tengdoshlarini ham pisand qilmay qo‘ydi, uning miyasida faqatgina g‘alaba qozonish g‘oyasi hukmronlik surardi, Boburni tamomila o‘z tomoniga og‘dirib olgan va uning g‘alabalaridan katta foyda ko‘rayotgan Qodir aka esa behad xursand edi. Jamshid akaning qo‘rqqanlari sodir bo‘ldi, Bobur katta ringda, juda haybatli va kuchli raqibga to‘qnash keldi. Afsuski bu gal omad Boburga kulib boqmadi, u raqibiga yutqazib qo‘ydi. Bobur mag‘lubiyatidan afsus chekdi. Jamshid aka aytganidek, bu mag‘lubiyatdan so‘ng Boburga otasiday mehribon bo‘lib qolgan Qodir aka undan voz kechdi, bunga, Qodir akaning bu galgi ringga juda ko‘p pul tikkanligi asosiy sabab bo‘ldi. Bobur noilojlikdan murabbiysi Jamshid akaning oldiga borib:“Barcha ayb o‘zimdan o‘tdi, siz aytganingizdek vaqt borida gaplaringizga quloq solmadim, o‘zimni boshqalardan ustun qo‘ydim va sizdan ham voz kechdim, mendan xafadirsiz?”,- deb Jamshid akadan so‘radi. Jamshid aka esa istehzoli kulib, Boburga:“Men sendan umuman xafa emasman, aksincha qo‘lga kiritgan yutuqlaringni eshitib, juda xursand bo‘ldim” dedi. Bobur Jamshid akaga:“Axir men sizdan voz kechdim-ku”,- dedi. Jamshid aka esa Boburdan: “Ota-ona uchun eng oliy baxt nima ekanligini bilasanmi?”,- deb so‘radi. Bobur: “Albatta farzandlarining baxti, yutuqlari va salomatligida”,- deb javob berdi. Jamshid aka:“Ana ko‘rdingmi, ota-onang uchun nima oliy baxt bo‘lsa, men uchun ham shunday”,- dedi. Bobur shuhratparast va kalandimog‘ bo‘lganligidan afsus chekdi, o‘ylanmay qilingan ish, boshga keltirar tashvish, deb bejizga aytishmagan ekan deb o‘yladi. Biror-bir ishni bajarishdan oldin uning oxirini yaxshilab o‘ylab oling. Bobur ham bu xatolarini oz bo‘lsada halol mehnati bilan yuvish uchun astoydil bel bog‘ladi.           

Otangga qilganingni o‘g‘lingdan, onangga qilganingni qizingdan ko‘rasan

       Bahor. Ayni daraxtlar va hayvonlar uyg‘onish pallasida. Mahallalarda obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ko‘cha yuzi odamlar bilan gavjum, birov suv sepmoqda, birov supurmoqda va yana birov daraxtlarni birin-ketin oqlamoqda. Keksa otaxonlar yoshlarga ish o‘rgatishyapti. Hammayoq toza va ozoda. Otaxonlar gurunglashib choyxona tomon ketayotishgan edi. Shu payt Nusrat aka kelib otaxonlar bilan so‘rashdi va ulardan uzr so‘rab, bir necha oylardan buyon oyoq og‘rig‘i tufayli to‘shakka mixlanib qolgan, hozirda esa arava minib chiqqan otasi Mardon boboni uylariga olib kirib ketdi. Nusrat akalarning hovlilari  kattagina, hovli o‘rtasida Mardon bobo va Anor momolarning o‘z qo‘llari bilan ekkan tutlari, o‘ng tomonda oshxona va omborxona, chap tomonda esa mehmonxona joylashgan. Nusrat aka baqir-chaqir avjiga chiqqan mehmonxonaga Mardon boboni olib kirdi-da, xotini Nilufar opaga:“Bas qil, boshim otilib ketay deyayapti”,- deb baqirdi. Nilufar opa janjalni bas qilib:“Kelin yordam berib yuboring”,- degan Mardon boboga hattoki e’tibor ham bermay, Nusrat akaning oldiga kirib ketdi va unga dori berdi. Umr yo‘ldoshi  Anor momoning vafoti, Mardon boboning belini anchayin bukib qo‘ydi. Keyingi vaqtlarda bu uyda  janjal va to‘polonlar tez-tez bo‘lib tura boshladi. Ha, hozirda bu uyda Anor momoning o‘rni juda sezilayapti. Mardon boboning qariganligi tufayli qo‘llari qaltirab uydagi ko‘plab chinni idishlarni birin-ketin sindirishi va uning oyog‘i og‘riganligi tufayli ko‘plab shikoyatlat qilib, muolaja qilishini so‘rashi, oxir-oqibat Nilufar opaning joniga tegdi, uning miyasida birgina xayol, Mardon boboni tezroq qariyalar uyiga olib borib qo‘yishgina bo‘lib qoldi. Rostdan ham keyingi vaqtlarda Nilufar opa va hattoki Nusrat aka ham Mardon boboga yaxshi qaramay qo‘yishdi. O‘g‘liga biror-bir gap aytib nasihat qilsa, Nusrat aka:“Ey dada, tushunmagan ishingizga aralashmang”,- deb o‘dag‘aylashga va hattoki nevarasi Abrorjon vaqt topib bobosining olsiga kelib o‘tirib, qiziq-qiziq ertaklar eshitib o‘tirsa, Nilufar opa:“Bolani tinch qo‘ying, miyasini bo‘lmag‘ur narsalarga ko‘mib tashlamang”,- deb aytishga o‘rganishdi. Mardon bobo faqatgina qalbida joylangan Anor momo bilan sirdosh bo’la olar edi, shunda ham birovga shikoyat qilmas, bolamning oilasi mustahkam bo‘lsin deb duo qilar edi. Oxir-oqibat Nilufar opaning orzusi ushaldi, xotinining jag‘ini tindirish va o‘zining huzur-halovatini topish maqsadida, Nusrat aka Mardon boboni qariyalar uyiga olib borib qo‘ydi. Abrorjon har kuni bobosini ko‘rib ketishga harakat qilar, uni uylariga qaytarish uchun qo‘lidan kelgancha harakat qilar edi. Lekin o‘g‘li va kelinining shafqatsizligi va bemehrligi tufayli Mardon bobo tez orada vafot etdi. Bobosiga bo‘lgan shafqatsizliklarga guvoh bo‘lib qolgan yosh Abror esa kundan-kunga tarbiyasiz va erka bo‘lib o‘sa boshladi, ham o‘qishi va ham tarbiyasi birdaniga buzilib ketganligini ko‘rgan Nusrat aka va Nilufar opa buning sababini bilishmoqchi bo‘lishdi. Oilada yolg‘iz farzand bo‘lganligi uchun uni qattiqroq tergash va urishish qo’llaridan kelmadi. Bundan Abror unumli foyadalanar, o‘z oldiga qo‘ygan qing‘ir o‘yinlarni avjiga chiqarib, ota-onasini malomatga qo‘yar edi. Abror ham katta yigit bo‘lib uylandi va kattagina oilani boqa boshladi. Afsuski, yoshligidan yomon yo‘llardan qaytarilmagan bolalarga katta bo‘lishgach ta’sir o‘tkazib bo‘lmaydi. Abror avvaliga chekishni, so‘ngra ichishni boshladi, hattoki kechalari ham mast holda uyga kirib kelib, to‘polon chiqaradigan  odat chiqardi. Eng achinarlisi, Abror Nusrat aka va Nilufar opalarni tez orada qariyalar uyiga olib borib qo‘ydi. Xullas Nusrat aka va Nilufar opalar Mardon boboning boshiga qanday shafqatsizliklar yog‘dirishgan bo‘lishsa, o‘zlarining boshlariga ham aynan shu narsalar do‘ldek yog‘di. Uni bu yo‘llardan qaytarishga anchayin kech bo‘lganligini tushungan Nusrat aka va Nilufar opa, Abrorning bu yomon odatlariga, o‘zlarining otalariga qilgan bemehrliklari sabab bo‘lganligini fahmlashdi. Ular qilgan ishlaridan pushaymon yeyishdi. Axir bejiz aytishmagan-ku:“Ota-aziz, ona-mo‘tabar”. Ularni har qancha e’zozlasak shuncha oz, buni yodingizda tuting.               

XATO

   Tush vaqti. G‘ayrat o‘rtog‘i Abdullalarnikiga kitob so‘rash uchun bordi. Abdullalarning uylari doimgidek baqir-chaqir. G‘ayrat buning sababini hech ham bila olmaydi. U bu janjal va yig‘i-sig‘ilarga Abdullaning onasi Karima opaning juda qattiqqo‘l va serjahl ekanligi deb o‘ylaydi, afsuski unday emas. Aslida Karima opa juda xushchaqchaq va ochiqko‘ngil ayol. Bu janjallarning bariga oilaning farzandlari Abdulla va Nigoralar aybdor, to‘g‘rirog‘i ularga to‘g‘ri tarbiya bermagan Karima opa Nuriddin akalar aybdor. Ular Abdulla tug‘ilganligida yolg‘iz farzandimiz deb, erkalatib yuborishdi, u nimani xohlasa muhayyo qilishdi, Abdulla to‘rt-besh yoshlarga to‘lganida dunyoga kelgan Nigora ham erka va tantiq bo‘lib o‘sdi, Karima opa va Nuriddin akalar qiz bolaning ko‘ngli nozik bo‘ladi deb, uni ham uncha tergashmadi, gapini yerda qoldirishmadi, uning ham aytgan narsalarini muhayyo qilishdi. Shunday qilib, ularning bolalari boshqa bolalardan faqatgina bepisandliklari va beodobliklari bilangina farq qilishar edi. Nafaqat tarbiya ishlarida, balki o‘qish va jamoat joylarida  o‘zlarini tutishlari ham qoniqarsiz edi. Bir kuni Abdulla shoshib-pishib, odamlarga turtina-surtina tramvayga chiqdi va keyingi bekatda tramvay to‘xtagan vaqtda joy bo‘shashi bilan o‘sha joyga o‘tirib oldi. Shu payt tramvayga yoshi oltmishlardan oshgan bir keksa chol va bir necha odamlar chiqishdi. Abdulla go‘yoki hassaga tayanib turgan keksa cholni ko‘rmagandek joyida bezbetlarcha o‘tiraverdi, uning beodobligi barchaga ayon bo‘lib qoldi. Abdulla nafaqat sho‘x va tantiq, balki buzg‘unchi bo‘lib o‘sdi. Tengdosh o‘rtog‘larini ham yomon yo‘lga boshlashni o‘rgandi. O‘rtoqlari bilan birgalikda bir necha marotaba maktab va mahalladoshlar oynalarini sindirdi. Albatta bu kabi bezoriliklarning to‘lovini Nuriddin aka qoplar edi. Afsuski ota-ona farzandlari tarbiyasiga bee’tiborlik qilishar, ularni koyishni o‘ylashmas, aksincha ularni battar erkalatib yuborishar edi. Abdullaning bolalar bilan urushmay kelgan kunining o‘zi yo‘q edi. Karima opa bu voqealarni yoshlikdagi sho‘xliklarga yo‘yar, farzandining ustidan arz qilib kelgan mahalladosh ota-onalarni nazar-pisandga ilmas, farzandlarini deb ular bilan bordi-keldi qilmas edi. Nuriddin aka esa erkak kishi yoshlikda har bir narsadan bir-bir totib ko‘rishi kerak deb hisoblar va bu kabi urush va janjallarga e’tibor bermas, aksincha o‘g‘lini qo‘llar edi. Nigora esa na darslarini yaxshi  o‘zlashtirar va na uy ishlarida oyisiga yordam berardi. Umuman bolalarga ota-ona faqatgina yedirish-ichirish va kiyintirish hamda pul topib berish uchungina kerakdekkina edi. Nigoraning o‘qituvchisi bir necha marotaba Karima opaga kelib qizining darslarga loqaydlik bilan qarayotganligidan va jamoat ishlarida qatnashmayotganligidan arz qilib kelar, ammo Karima opa qizining o‘qituvchisini ham mensimas, o‘zining qizini haq deb bilar va uning yonini olar edi.    Bu kabi voqealar kunda kamida ikki-uch marotaba qaytarilar edi. Nuriddin aka va Karima opalarning topib olgan gaplari faqat bitta edi: “Bola bo‘lsang, sho‘x bo’l”,- deyishgan, biror-bir kun quyilib qolishar der edilar. Ammo bolalarning qilg‘iliqlari kundan-kunga ortib borar edi. Bolalarining moddiy tomondan yetkazgan zararlarini Nuriddin aka to‘lar, ma’naviy tomondan zararni esa umuman amalga oshmaydigan va’dalar qoplar edi. Mahalladoshlar va qo‘ni-qo‘shnilar Abdulla va Nigoralarning qilgan ishlariga Karima opa va Nuriddin akalarning hurmati uchun ko‘z yumishar edi. Lekin bu tartibbuzarliklarning soni ortib borishi sayin, mahalladoshlarning ham sabri tugab borar edi. Oradan bir necha yillar o‘tdi. Abdulla va Nigoralarning qilg‘iliqlari kun sayin ortib borar, ba’zi odamlar kelib: “Bolalaringizni qachon to‘g‘ri yo‘lga solasiz, ularning dastidan butun mahalla dod deb yuboradigan ahvolga tushdi-ku”,- deb koyib ketishsa, ba’zi odamlar kelib: “Nuriddin aka hali ham kech emas, bolalaringizni to‘g‘ri yo‘lga soling”,- deb nasihat qilib ketishar edi. Oradan ancha oylar o‘tdi. Bir kuni Abdulla va Nigoralar uyga juda kech qolishdi. Karima opa juda xavotir oldi. Tungi soat 01:00 larda Abdulla va Nigora uylariga kirib kelishdi. Havotirdan yuragini changallab divanda yotgan Karima opaning yuziga qizillik yugurdi. O‘rnidan turib: “Shuncha vaqtdan buyon qayerda yuribsanlar?”,- deb so‘radi. Abdulla: “Men o‘rtoqlarim bilan o‘tirishda edim”,- dedi. Nigora: “Men esa dugonalarim bilan edim”,- dedi. Karima opa: “Axir bu nima yurish, odamlar ko‘rsa nima deydi, boshqa ichmayman deb ikkalang ham va’da bergan eding-ku, senlar bu turishingda hech kim bo‘la olmaysanlar”,- deb tanbeh bera boshladi. Abdulla: “Shunga shuncha g‘alvomi, ha ichsak ichibmizda, nima qilibdi, masalan, men kelajakda dadamga o‘xshab prokuror bo‘lmoqchiman”,- dedi. Ikkalalovlari ham g‘irt mast edilar, Karima opa eri Nuriddin akaning bu dilsiyohliklardan xabar topishidan qo‘rqdi va bolalarini uyga tezlik bilan olib kirib ketdi. So‘ngra ularni joy-joylariga yotqizdi. Karima opaning keyingi vaqtlarda o‘zgarib qolganligini va hozirda mazasi bo‘lmayotganligini bilgan Nuriddin aka qandaydir gap borligini sezgan va derazadan bo‘lib o‘tgan voqealarni kuzatib turgan edi. Karima opa kelishi bilan ular gapga tushib ketishdi. “Aytgan narsalarini o‘sha zahoti muhayyo qildik, yolg‘iz farzandimiz deb Abdullani, ko‘ngli nozik deb Nigorani erka va tantiq qilib tarbiyaladik, mahalladoshlarimizning koyish va pand-nasihatlariga quloq solmay o‘z bilganimizdan qolmadik, hamma ayb o‘zimizda”,- dedi Nuriddin aka. Ular bola tarbiyasi oilada juda katta rol o‘ynashini bilib olishdi va o‘ylamay qilgan ishlaridan afsus chekishdi, qilgan xatolarini tushunib yetishdi.

OQIBAT

  Sojida opaning turmush o‘rtog‘i vafot etdi. To‘rtta o‘g‘il bilan beva qolgan Sojida opaning ahvoli keskin og‘irlasha bordi, ammo bolalarini katta qilib, ilmli qilish orzusida Sojida opa birin-ketin uchta ishga kirdi: mahallasidagi boy xonadonlarda enaga, matabda farrosh va ishxonada ishchi bo‘lib tinim bilmay ishlay boshladi. Onalarining tinim bilmay ishlayotganini ko‘rgan bolalar, onalarining mehnatlari zoye ketmasligi va o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida astoydil o‘qiy boshlashdi.  Sojida opaning orzulari birin-ketin ushala boshladi. O‘g‘illari o‘qishda va sport sohalarida yuqori natijalarga erisha boshlashdi. O‘g‘illaridan biri ilmiy xodim, biri harbiy xizmatda kapitan, biri diplomat va yana biri doktor bo‘lib ishlay boshlashdi. Sojida opaning barcha orzu-umidlari ushalgan edi. Ammo o‘g‘illar nima uchundir o‘zgarib qolishdi, ular o‘z ishlariga shu darajada sho‘ng‘ib ketishgan edilarki, hattoki bora-bora Sojida opaning holidan xabar olishni ham unutib qo‘yishdi. Sojida opa esa bu narsalarga parvo qilmas, u uchun farzandlari sog‘-salomat va tinch yashashsa bo‘ldi edi. Sojida opaning oldingiday kuch-quvvati qolmagan, kundan-kunga kun davomida qilayotgan ishlari og‘irlik qila boshladi. U qilayotgan ishlaridan birin-ketin bo‘shay boshladi. O‘g‘illari ertadan kechgacha ishda bo‘lishar, Sojida op esa uyda yolg‘iz o‘zi qolar edi.  Hayhotday uyda yolg‘iz o‘zi yashash Sojida opaga ancha qiyin kechdi, keksa odam boquvchisiz qolsa qiyin bo‘lar ekan. Yaxshiyamki,  Sojida opadan  mahalladosh ayollar, qo‘ni-qo‘shnilar kun ora xabar olib turishar edi, ammo Sojida opa ularni ko‘pam bezovta qilishni xohlamas, ko‘pincha boshqalarning yordami zarur bo‘lsa ham ularga murojaat etmas edi. O‘g‘illarini uylab qo‘ysa, Sojida opaga qo‘ni-qo‘shnilarining yordami kerak bo‘lmasdi, Sojida opa shunday qildi, o‘g‘illarining barchasini uylantirdi, lekin farzandlarining barchasini uyli-joyli qilgan bo‘lsa ham, Sojida opa kelinga yolchimadi. Sojida opa o‘g‘illarini o‘zlari tanlagan qizlarga uylantirdi, ular: erka, ishyoqmas va tantiq qizlar edi. Kelinlar erlarini onalariga ko‘proq e’tibor berishga jalb etish o‘rniga, aksincha Sojida opadan sovuta boshlashdi. Yolg‘iz kichik kelingina qolganlariga qaraganda yaxshi tarbiya ko‘rgan, aqlli, shirinsuxan va mehnatkash edi. Kichik kelin bu uydagi ahvolni kuzata turib Sojida opaga achindi. U ishga sho‘ng‘ib ketgan erini onasiga ko‘proq vaqt ajratishi kerakligini esiga solib qo‘ydi. Kenja o‘g‘il onasini umuman esidan chiqazib yuborayozganini tushunib o‘z-o‘zidan uyalib ketdi. O‘z onasiga mehr ko‘rsatish o‘rniga uni boshqalar qo‘liga qarab qolishiga yo‘l qo‘yib berganidan o‘zini koyidi va onasiga o‘sha kundan boshlab mehribonchilik ko‘rsata boshladi. Qolgan o‘g‘illar esa o‘z onalarini tamomila unutib qo‘yishdi. Katta kelinlar o‘z qaynonalarining xizmatlarini bajarishmas, barcha yumushlarni kichik kelinning zimmasiga yuklab qo‘yishgan edilar. Kichik kelin bu kabi voqealarga sira e’tibor bermas, uydagi barcha yumushlarni bajarishga ulgurar, tong sahardan, to qosh qoraygunga qadar tinmas, qaynonasining barcha yumushlarini bajarar edi. Katta kelinlar esa kun bo‘yi  hali u qarindoshinikida, hali bu dunonasinikiga borishar, kunlarini bekor o‘tkazishar edi. Sojida opa kichik kelinidan mamnun edi. Kichik kelini qanday qilib boshqa kelinlarni ham qaynonasiga mehribon bo‘lishlariga erishish mumkinligi haqida bosh qotirardi va bir kuni buning yo‘lini ham topdi. Kichik kelin qaynonasini o‘zini farzandlariga kasal qilib ko‘rsatishiga ko‘ndirdi. Sojida opa o‘zini kasallika solib yotdi. Birin-ketin barcha farzandlari bundan xabar topishdi va onalari oldiga kelib xabar ola boshlashdi. O‘sha kundan boshlab kichik kelinning rejasi ish berayotganligi amalda o‘z ifodasini topdi. Ertadan kechgacha ishda bo‘lgan farzandlar onalarining qarshiliklariga qaramay birortasi ham ishga bormasdan, Sojida opaning yonidan jilmadi, mijja qoqishmadi. Erlarining qiyin-qistovi bilan qolgan kelinlarga ham insof kirib, qaynonalarining holidan to‘xtovsiz xabar olib turishdi: ovqatini qilib berishdi, kirlarini yuvishdi, xullas kichik kelinning shu kunga qadar qilib kelayotgan ishlarini o‘zaro taqsimlab olib ularni ahillik bilan bajara boshlashdi. Katta o‘g‘illar kichik ukalari kabi onalarini unutib qo‘yayozishganlarini kech tushunib yetishdi, onalari ular uchun qishin-yozin demay qo‘llari qavarib qilgan barcha ishlari haqida o‘ylab, o‘zlari onalari uchun hech narsa qilishmaganlilarini o‘ylashib, o‘zlaridan uyalib ketishdi. Sojida opaning yoniga to‘planishib, undan kechirim so‘rashdi. Sojida opaga bundan buyon yaxshi munosabatda bo‘lishga qaror qilishdi. Shu kundan boshlab o‘g‘illar ishdan uyga erta qaytadigan, qo`llarida  onalari uchun doimo bir dasta gul bilan kelishni odat qilishdi. Sojida opa endi-endi haqiqiy mehr-muruvvat qurshovida edi. Oradan bir necha yillar o‘tdi,  Sojida opa bir necha nevaralar ko‘rdi, endilikda u farzandlari, kelinlari va nevaralari qurshovida baxtli hayot kechira boshladi.

  Yodda tuting: Onaga har qancha qilsang, uning tirikligida qil, u o‘tganidan keyin tilladan bino barpo qilsang ham befoyda. Azizlar! onalaringizni hech qachon yodingizdan chiqazmang.   


Orqaga qaytish